19- Xalqaro «Energetika, energiya tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari» – Power Uzbekistan 2026» ko`rgazmasi

12 - 14 may 2026, CAEx Uzbekistan / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

GIDROENERGETIKA SOHASINI ISLOH QILISH CHORA-TADBIRLARINI JADALLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, elektr energiyasini ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda gidroenergetika sohasining mavjud salohiyatidan samarali foydalanishni yanada oshirish maqsadida:
1. Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zbekgidroenergo” AJning (keyingi o‘rinlarda — Jamiyat) 2028-yil yakuniga qadar gidroelektr stansiyalari umumiy quvvatini 5 508 MVtga yetkazish, shu jumladan umumiy quvvati 1600 MVt bo‘lgan gidroto‘plash elektr stansiyalarini qurish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. 2024 — 2028-yillarda gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) tasdiqlansin:
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan umumiy quvvati 1018 MVt bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida xorijiy kreditlarni jalb qilgan holda umumiy quvvati 449 MVt bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1a-ilovaga muvofiq;
Gidroenergetika sohasida xususiy investorlar ishtirokida amalga oshiriladigan umumiy quvvati 2 275 MVt bo‘lgan investitsiya loyihalari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq.
3. Gidroenergetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarida — Respublika komissiyasi) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Respublika komissiyasi (A. Aripov):
xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlardan jalb qilinayotgan mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini hamda Dasturda belgilangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinishini;
Dasturda inobatga olingan investitsiya loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish hamda investitsiya loyihalari belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishini;
gidroelektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish uchun zarur uskuna va ehtiyot qismlarning ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasi orqali bosqichma-bosqich ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishini;
yangi gidroelektr stansiyalarini qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning har bir bosqichida xalqaro qurilish standartlari va ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini;
Dasturning o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining gidroelektr stansiyalarini qurishga xususiy tadbirkorlarni jalb etish va ularga ko‘maklashish borasida amalga oshirayotgan ishlari to‘g‘risidagi hisobotlarining bir yilda kamida ikki marta eshitib borilishini;
Dasturda belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishining qat’iy nazoratga olinishini hamda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha vazirlik va idoralar faoliyatining muvofiqlashtirilishini ta’minlansin.
Respublika komissiyasiga, zaruratga ko‘ra, Dasturning umumiy parametrlari va ko‘rsatkichlarini saqlagan holda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
4. Mahallalarda mikro va kichik gidroelektr stansiyalari xususiy sektor ishtirokida qurib ishga tushirilishini jadallashtirish maqsadida:
a) bir hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari rahbarligida ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarida — ishchi guruhlar) tuzilsin;
b) ishchi guruhlar:
bir oy muddatda mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurish imkoniyati mavjud loyiha maydonlari ro‘yxatini shakllantirsin;
mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurishga mahalliy tadbirkorlarni keng jalb qilish chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ bilan birgalikda mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurishda loyiha tashabbuskorlarini auksion savdolari orqali aniqlash maqsadida loyihalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-son Farmoni asosida auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin;
har chorak yakuni bilan amalga oshirilgan ishlar natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni Respublika komissiyasiga kiritib borsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Dasturda ko‘zda tutilgan istiqbolli investitsiya loyihalari doirasida, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda:
loyiha hujjatlarini xorijiy loyiha va konsalting tashkilotlari takliflariga asosan xalqaro qurilish standartlari asosida ishlab chiqish, ekspertiza organlarining xulosasini olish va qurilishga tatbiq etishga;

xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha xorijiy investorlarni (xususiy sherikni) eng yaxshi takliflarni tanlash orqali aniqlashga va shartnomalar tuzishga;

xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha xalqaro tajribaga ega konsultantlar bilan eng yaxshi takliflarni tanlash natijalariga ko‘ra shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi;
b) Jamiyat tomonidan amalga oshiriladigan, shuningdek, Dasturda nazarda tutilgan investitsiya loyihalari doirasida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-martdagi “Gidroenergetika sohasini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-104-son qarorining 13-bandi qoidalari tatbiq etiladi;
kompensatsiya to‘lovlarining barcha turlari, daraxt va butalar qimmatbaho navlarini ko‘chirish (daraxtlar va butalar ekish, ularni parvarish qilish), shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa barcha xarajatlar, agar ushbu xarajatlar tasdiqlangan loyihaoldi va loyiha hujjatlarida ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, loyihaoldi va loyiha hujjatlariga mazkur xarajatlarni inobatga olish yuzasidan o‘zgartirish kiritish talab etilmaydi.
Bunda mazkur xarajatlar Jamiyat tomonidan qoplab beriladi va kelgusida obyektning qiymatini hisoblashda inobatga olinadi.
6. Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jamiyat bilan birgalikda ikki oy muddatda:
mikro va kichik gidroelektr stansiyalari qurilishida xorijiy davlatlar, shu jumladan Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasi tajribasini o‘rgangan holda sohaga xususiy investorlarni jalb qilish hamda ularni rag‘batlantirish bo‘yicha taklif kiritsin;
2025 — 2030-yillarda Jamiyatning operatsion samaradorligini oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish hamda xarajatlarni qisqartirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi (J. Qo‘chqorov):
Dasturda ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalarining 2028-yilga qadar amalga oshirilishini ta’minlash uchun Jamiyat tarkibidagi gidroelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotish tariflarini qayta ko‘rib chiqsin;
sotilgan elektr energiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan debitor qarzdorlikni bartaraf etish va kelgusida debitor qarzdorlik summasi oxirgi ikki oyda sotilgan elektr energiyasi summasidan oshib ketmasligini ta’minlasin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi mazkur qarorga 1a-ilovada ko‘rsatilgan investitsiya loyihalarini 2024-yil uchun davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari ro‘yxatiga kiritilishini hamda o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi nomidan davlat kafolati berilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.

Qaror ijrosi uchun mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Axborot ko`magi