20-yubiley Xalqaro «Energetika, energiya tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari» – Power Uzbekistan 2027» ko`rgazmasi

12 - 14 may 2027, CAEx Uzbekistan / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

AES qurilishi jarayoni va atomchilar shahri loyihasi ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi va zamonaviy yo‘ldosh shahar barpo etish ishlari borishi haqidagi taqdimot bilan tanishdi.

Atom energetikasini rivojlantirish mamlakatning energetik xavfsizligini mustahkamlash, barqaror bazaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilishda strategik ahamiyatga ega.

Integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi joriy yil 4 iyunda faol qurilish bosqichiga o‘tdi. Hozirga qadar reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari to‘liq yakunlandi, 1 million kub metrdan ortiq grunt chiqarib tashlandi. Poydevor plitasi maydonida 916 kub metr beton quyildi. Qurilish-montaj bazasi hududida 100 gektar maydonda yer ishlari bajarildi.

Hozir qurilish maydonida 450 nafar ishchi va mutaxassis, shuningdek 100 dan ortiq maxsus texnika jalb etilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Qurilish jarayonida qariyb 3 ming turdagi mahsulot va uskunadan foydalanish rejalashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihada mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foizni, ya’ni 1,9 milliard dollarni tashkil etadi. Davlat rahbari bu ko‘rsatkich yetarli emasligini ta’kidladi.

Loyihada mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar tomonidan bajarilishini ta’minlash, shuningdek 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb etish vazifasi qo‘yildi.

Shu maqsadda Forish tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 200 gektarlik sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi. Uning hududida kamida 100 ta qo‘shma korxona joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish nazarda tutilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti taklifni ma’qulladi va yil yakuniga qadar sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlari berish to‘g‘risidagi qaror loyihasini kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.

Qurilish sifati va xavfsizligi so‘zsiz ustuvor vazifa bo‘lib qolishi, barcha ishlar esa MAAE talablari va xalqaro standartlarga to‘liq mos bo‘lishi alohida ta’kidlandi.

Taqdimotda joriy yil 22-26 iyun kunlari MAAEning kompleks baholash missiyasi bo‘lib o‘tgani, uning yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning milliy yadro infratuzilmasi rivojlanish darajasi yuqori baholanganligi qayd etildi.

Stansiyaning tashqi muhandislik infratuzilmasini yaratish doirasida 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik suvi va 120 kilometr texnik suv ta’minoti quvurlari, shuningdek 39,5 kilometr avtomobil yo‘llari va 11 kilometr temir yo‘llar quriladi.

Davlat rahbari ushbu obyektlar qurilishida mahalliy mahsulotlar va xizmatlar ulushini 60-70 foiz darajasida ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Qurilish davrida ishchilar, mutaxassislar va ularning oila a’zolari uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish maqsadida atomchilar shaharchasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

200 gektar maydonda qariyb 33 ming nafar aholi uchun mo‘ljallangan, jumladan birinchi bosqichda 3 mingta kvartira qurilishi nazarda tutilmoqda.

Atomchilar shahrida energiya tejamkor ko‘p qavatli uylar, maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, sport va madaniyat obyektlari, dam olish zonalari hamda keng yashil hududlar barpo etiladi. Qurilishda zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi texnologiyalari, muqobil energiya manbalari va “aqlli” yoritish tizimlari qo‘llaniladi.

Loyihani boshqarishni takomillashtirish, texnik nazoratni kuchaytirish va texnologik yechimlarning mustaqil ekspertizasini o‘tkazish uchun yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, milliy tizimga moslashtirish va qariyb mingta tarmoq standartini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Kelgusida stansiyani boshqaradigan yuqori malakali operatorlar, muhandislar va radiatsion xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarni hozirdan maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

2023 yildan buyon Rossiyaning Milliy tadqiqot yadro universiteti Toshkent filialini 216 nafar talaba tamomladi. Ulardan 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreya Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalarida magistratura va aspiranturada o‘qishni davom ettirmoqda. Yana 100 nafar mutaxassis mamlakatimizdagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasida tayyorgarlikdan o‘tmoqda.

“O‘zatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasi funksiyalari kengaytirilishi hisobga olinib, ularning tashkiliy va kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari mas’ullarga atom stansiyasi va atomchilar shaharchasi qurilishining yuqori sifati, xavfsizligi va muddatlariga rioya etilishini ta’minlash, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish, shuningdek infratuzilma loyihalari va kadrlar tayyorlash dasturlarini uyg‘un holda amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Manba