20-yubiley Xalqaro «Energetika, energiya tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari» – Power Uzbekistan 2027» ko`rgazmasi

12 - 14 may 2027, CAEx Uzbekistan / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Energetikani rivojlantirish – iqtisodiy o‘sish, investitsiya faolligi va aholi farovonligini ta’minlashning asosiy omillaridan biridir.

So‘nggi yillarda tarmoqqa xususiy sektor va xorijiy investorlar kapitali faol jalb etilmoqda, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirildi. Islohotlar natijasida quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 gigavattdan oshdi. Gidroelektr stansiyalar soni 100 tadan oshdi, ularning umumiy quvvati esa 2,5 gigavattga yaqinlashdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga har yili tabiiy gazning sezilarli hajmi tejalmoqda.

2030 yilga borib mamlakat iqtisodiyoti hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan, aholi soni esa 41 million kishidan oshishi kutilmoqda. Faqat sanoatning o‘zida elektr energiyasi iste’moli prognozlarga ko‘ra 2030 yilga borib 38 milliard kilovatt-soatdan 53,5 milliard kilovatt-soatga oshadi. Elektr transporti va data-markazlarning rivojlanishi ham energiya tizimiga qo‘shimcha yuklama yaratadi.

Shu munosabat bilan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini talab o‘sish sur’atlaridan oldinroq rivojlantirish, elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va yetarli zaxira quvvatlarini shakllantirish zarurligi qayd etildi.

Rejaga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakatning ishlab chiqarish quvvatlari 46,1 gigavattga yetkaziladi va yiliga qariyb 129 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 2035 yilga borib esa quvvatlarni 57,2 gigavattga, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishni esa 154,7 milliard kilovatt-soatga yetkazish nazarda tutilgan.

Taqdimot davomida elektr energiyasi iste’moli o‘sishining turli ssenariylari ko‘rib chiqildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha iste’mol mo‘tadil o‘sgan taqdirda ishlab chiqarish va talab hajmlari o‘rtasida zarur muvozanat saqlanib qoladi. Biroq iqtisodiyot, sanoat, elektr transporti va raqamli infratuzilma jadal rivojlangan taqdirda qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlariga ehtiyoj tug‘iladi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda energetika sohasidagi rejalarni shakllantirish va doimo yetarli hajmdagi zaxira quvvatlarini mavjud holda saqlash zarurligini ta’kidladi.

Shundan kelib chiqib, qo‘shimcha shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish, shuningdek, quyosh va shamol energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, iqtisodiy samaradorligi past, aniq moliyalashtirish manbalari bo‘lmagan yoki amalga oshirish muddati cho‘zilib ketgan ayrim loyihalarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tanlashda asosiy mezonlar faqat ularning quvvati emas, balki ishlab chiqariladigan elektr energiyasining tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash tizimlari bilan mosligi va umumiy energiya balansiga ta’siri bo‘lishi kerak.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi oshib borishi bilan energiya saqlash tizimlarining ahamiyati ham ortmoqda.

Bunday tizimlar kunduz kuni quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqaradigan elektr energiyasini to‘plash va uni kechki pik iste’mol soatlarida tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Bu an’anaviy elektr stansiyalarida qo‘shimcha gaz yoqish zaruratini kamaytiradi va umuman energiya tizimining barqarorligini oshiradi.

Hozirgi kunda umumiy quvvati 4,2 gigavatt bo‘lgan energiya saqlash tizimlarini yaratish bo‘yicha 26 ta loyiha shakllantirilgan, ulardan 17 tasi amalga oshirish bosqichida. 2030 yilgacha bu yo‘nalishda qo‘shimcha loyihalar shakllantirish taklif etildi.

Prezident ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga elektr energiyasini iste’molchilarga yetkazib berishni ta’minlaydigan magistral tarmoqlar va podstansiyalarni oldindan barpo etish zarurligini ta’kidladi.

2030 yilgacha 220 kilovolt kuchlanishli 9 ta yangi podstansiya va 500 kilovolt kuchlanishli 7 ta podstansiya, shuningdek, qariyb 5 ming kilometr yangi elektr uzatish liniyalari qurilishi rejalashtirilgan. Bu yangi elektr stansiyalarini energiya tizimiga ulash, hududlar o‘rtasidagi energiya almashinuvini kengaytirish imkonini beradi.

Xususan, 2027-2029 yillarda 500 kilovolt kuchlanishli bir qator strategik ahamiyatga ega elektr uzatish liniyalari va yangi podstansiyalarni foydalanishga topshirish nazarda tutilgan. Taqdimot davomida ularning qurilish jarayoni, moliyalashtirish masalalari va mavjud kechikishlarni bartaraf etish choralari alohida ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish uchun katta salohiyatdan foydalangan holda raqamli iqtisodiyot uchun yangi infratuzilma yaratish masalasi muhokama qilindi.

Hududdagi istiqbolli shamol elektr stansiyalarini 1 gigavatt quvvatga ega data-markazlar bilan bog‘lash, buning uchun yangi podstansiya va 220 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish taklif etildi. Mazkur infratuzilma yangi data-markazlarni energiya tizimiga integratsiya qilish, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish va hududning mavjud energetik salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi.

Taqdimot davomida tarmoqda investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha takliflarga alohida e’tibor qaratildi.

Amaliyotda ko‘p hollarda loyiha investor tashabbusi bilan boshlanadi. Yer uchastkasini ajratish, tarmoqqa ulanish, texnik shartlar, tariflar va investitsiya bitimlari masalalari turli idoralar bilan alohida kelishiladi. Bu jarayonlarning cho‘zilishiga, idoralar funksiyalarining takrorlanishiga, shuningdek, ayrim loyihalarda energiya tizimi ehtiyojlarining yetarli hisobga olinmasligiga olib keladi.

Shu munosabat bilan yangi boshqaruv modeli taklif etildi.

Endilikda energetika loyihalari avvalo iqtisodiyot, aholi va hududlarning istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantiriladi. Dastlab talab aniqlanadi, shundan so‘ng zarur ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilma obyektlari rejalashtiriladi. Loyiha oldindan belgilangan yer uchastkasi, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlar bilan shakllantiriladi, investor esa ochiq va raqobatli tanlov asosida aniqlanadi.

Shuningdek, har bir idoraning vazifalari va mas’uliyat zonalari aniq belgilab olinadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab prognozini shakllantiradi, Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat uchun javob beradi, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi esa bozor munosabatlari va tariflarni tartibga soladi. Investitsiya sohasi uchun mas’ul idoralar ochiq tanlov asosida investorlarni jalb qiladi, mahalliy hokimliklar esa yer uchastkalari va zarur infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal etadi.

Shuningdek, hududlar va tarmoqlar kesimida energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojning aniq prognozini shakllantirish va shu asosda har yili yangilanadigan uch yillik investitsiya rejalarini qabul qilish taklif etildi. Bu ishlab chiqarish quvvatlari, elektr tarmoqlari va zarur infratuzilma rivojini oldindan va muvofiqlashtirilgan tarzda rejalashtirish imkonini beradi.

Uzoq muddatli istiqbolda 2050 yilgacha yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Unda milliy resurs salohiyati, demografik va iqtisodiy o‘sish, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish, shuningdek, energetik xavfsizlikni ta’minlash masalalari kompleks hisobga olinadi. Konsepsiyani har besh yilda qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.

Davlatimiz rahbari energetikadagi har bir yangi loyiha iqtisodiyot va aholi ehtiyojlarining uzoq muddatli talablariga javob berishi, ishlab chiqarish, tarmoqqa yuklama va iste’mol o‘rtasida doimiy muvozanat ta’minlanishi zarurligini ta’kidladi.

Mas’ullarga amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, amalga oshirish muddati cho‘zilib ketgan loyihalar bo‘yicha investorlar bilan birgalikda aniq choralar ko‘rish, ishlab chiqarish quvvatlari va elektr tarmoqlarini muvozanatli rivojlantirish, energiya saqlash tizimlarini kengaytirish, shuningdek, tarmoqda yangi rejalashtirish va boshqaruv modelini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Manba