Yangiliklar (for all)
Oʻzbekiston va Ozarbayjon Ustyurtning investitsion bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini tezlashtiradi
Oʻzbekiston va Ozarbayjon energetika vazirlari Sherzod Xoʻjayev va Parviz Shaxbazov Boku shahrida 2026-2028 yillarda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yoʻl xaritasini imzoladilar. Hujjat qoʻshma loyihalarni rivojlantirish va ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan.
Yoʻl xaritasi "Yashil energetika koridori Markaziy Osiyo — Ozarbayjon" loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Ozarbayjon Energetika vazirligida taʼkidladilarki, mamlakat tomonidan Qora dengiz orqali va Turkiya yoʻnalishida rivojlantirilayotgan energetika yoʻlaklari Markaziy Osiyodan Yevropaga yashil elektr energiyasini uzatish uchun keng koʻlamli koridorni shakllantirishga yordam beradi.
Uchrashuv doirasida tomonlar qayta tiklanuvchi energiya manbalari, geologiya-qidiruv ishlari, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildilar. Hujjatga issiqlik energetikasi va energiya samaradorligi sohasida tajriba almashish bo‘yicha bandlar ham kiritilgan. Ikki davlat rahbarlari tomonidan qoʻyilgan vazifalarni bajarishda oʻzaro investitsiyalarning ahamiyati qayd etildi.
Shu kuni Sherzod Xoʻjayev va Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov SOCAR kompaniyasi prezidenti Rovshan Najaf bilan muzokaralar oʻtkazdilar. Uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekistonda SOCAR yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini kengaytirish va Ustyurt investitsion bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini tezlashtirish rejalarini koʻrib chiqdilar.
Muzokaralarda yangi neftni qayta ishlash quvvatlarini yaratish va neft xomashyosini import qilishni tashkil etish masalalari koʻtarildi. Tomonlar loyihalarni amalga oshirishning joriy surʼatlarini tahlil qildilar va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish hamda erishilgan kelishuvlarni samarali bajarish uchun qadamlarni belgilab oldilar.
Eslatib oʻtamiz, "Oʻzbekneftgaz" va SOCAR Oʻzbekistonda zamonaviy AYoQShlar tarmogʻini yaratadi.
Manba